Qashqadaryo viloyat bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazi
Bizning manzil
Qarshi sh, Otchopar MFY
Ishonch telefoni
+998 (91) 536 - 75 - 46
Email manzil
support@qvbkttm.uz
Ish vaqti
Du - Juma: 8:00 - 18:00

“Hamshira–2024”: Zarnigor Mallaeva – final bosqich yo‘llanmasining sohibasi

Qarshi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida “Hamshira2024” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Hamshiralar kasbiy bilim va malakalarini oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash, mehnatda yutuqlarga erishib kelayotgan o‘rta tibbiyot xodimlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ular faoliyatini ommalashtirish, o‘z kasbining mohir egalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan bu tadbirda ko‘rik-tanlovning saralash  bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 18 nafar hamshira o‘zaro bellashdi.

Tanlov ishtirokchilari bemorlarni qabul qilish, ahvolini baholash va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish borasidagi mahoratini namoyish etib, ijtimoiy–siyosiy va tibbiy jabhalarga oid tezkor savollarga javob berishdi. Shuningdek, hakamlar hay’ati zukko hamshiralarning odam anatomiyasi va fiziologiyasi, kasallik belgilari, hamshiralik ishi, tibbiy hujjatlar, shoshilinch tibbiy yordam, dori vositalari, yuqumli kasalliklar profilaktikasi hamda kundalik kasbiy ish salohiyatini ko‘rsatuvchi erkin mavzular bo‘yicha chiqishlarini ham baholab bordi.

—  «Hamshira-2024» ko‘rik-tanlovining quyi bosqichlari shahar va tuman tibbiyot birlashmalari, respublika ixtisoslashtirilgan markazlari filiallari, shoshilinch tibbiy yordam hamda bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, boshqa davolash-profilaktika muassasalarida tashkil qilinib, ularda jami 400 nafardan ziyod hamshiraning kasbiy bilim mahorati va amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Yelena Parembo. — Bu yilgi tanlovning avvalgilaridan farqi, nominatsiyalar sonining ortgani va shu tariqa yanada ko‘proq tibbiyot xodimlari rag‘batlantirilganidadir.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi gematologiya bo‘limi hamshirasi Zarnigor Mallaeva qo‘lga kiritib, 12 may — Xalqaro hamshiralar kuni arafasida o‘tkaziladigan “Hamshira-2024” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.

Ko‘rik-tanlov g‘olib va ishtirokchilari viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Qashqadaryo viloyati kengashi hamda viloyat hamshiralar assotsiatsiyasining  tashakkurnomalari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, tadbir so‘ngida «Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmasevtika xodimi» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Joriy yilda ushbu tanlovda viloyatimizda faoliyat yurituvchi o‘rta tibbiyot xodimlari 14 ta nominatsiya bo‘yicha kuch sinashdi. Viloyat bosqichida har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 42 nafar o‘rta tibbiyot xodimi g‘olib deb topilib, diplom, rag‘batlantiruvchi mukofot va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

                   

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIEV olgan suratlar.