Chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini skrining qilish 50 foizdan 95 foizga etkaziladi
O’tgan yilni yuqori natijalar bilan yakunlagan mazkur jamoa a’zolari joriy yilda «sog’lom bola — sog’lom kelajak» tamoyili asosida faoliyat olib boryapti.
— Gap farzandlarimiz salomatligi xususida borarkan, faoliyatimizni yanada kuchaytirishimiz talab etiladi, — deydi mazkur muassasa direktori Abdumannop Abduqayumov. — Shundan kelib chiqib, joriy yil uchun qator dolzarb vazifalarni belgilab olganmiz.
Faoliyatimizni «Markaz — viloyat —tuman (shahar) — oilaviy poliklinika» shaklidagi somatik, xirurgik kasalliklar profilaktikasiga tayangan yangi mexanizm asosida yo’lga qo’yamiz. Bunda etuk mutaxassislar tomonidan ishlangan profilaktik chora-tadbirlar ham tibbiyot xodimlariga, ham aholiga sodda qilib tushuntirib boriladi.
18 yoshgacha bo’lgan aholi qatlami orasida yuqumli kasalliklarning yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan hamkorlikda boshqariluvchi infektsiyalarga qarshi emlash dasturlari bo’yicha targ’ibot ishlarini kuchaytiramiz.
Yangi tug’ilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini skrining qilish 50 foizdan 95 foizga etkaziladi. Shu maqsadda har bir tug’ruqxona mas’ul hamshiralari ish joylarida audioskrining amaliyotiga o’qitiladi va audiskrining natijalarini markazga avtomatik yuborish tizimi yo’lga qo’yiladi.
Ixtisoslashtirilgan pediatriya xizmatini tuman darajasiga tushirish uchun har bir viloyatda 2 tadan namunali tuman (shahar) shakllantiriladi.
Markazimizda tashkil etilgan Milliy referens laboratoriyasi GLP — Good Laboratory Practic hamda GCP — Good Clinic Practic xalqaro standart sertifikatiga ega bo’ldi.
Keyingi bosqichda esa viloyatlararo laboratoriyalar ham ushbu jarayonda qatnashib, tegishli sertifikatlarga ega bo’ladi.
Chet eldan 18 nafar etakchi mutaxassisni bu erga jalb etishni reja qilganmiz. Shunga mos holda 250 nafar mutaxassis ish joyining o’zida, 150 nafari esa xorijda amaliy ko’nikma va kasbiy mahoratini oshiradi.
Sohaga oid ilm-fanni rivojlantirish maqsadida bugungi dolzarb muammolardan biri bo’lgan jigar kasalliklarini erta aniqlash, tashxislash, davolash va bashorat etishga yo’naltirilgan tadqiqot amalga oshiriladi. Shu orqali yangi amaliy va innovasion loyihalar ishlab chiqiladi.
Tibbiyot muassasalarida 0-18 yoshdagi bolalarga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari sifatini yanada yaxshilash maqsadida Germaniya taraqqiyot banki(KfW)ning «bolalarga tibbiy xizmatni rivojlantirish bo’yicha dasturi»ni amalga oshirish niyatimiz ham bor. E’tiborlisi, hozirga qadar bu moliya muassasasi bilan 27 mln. evrolik dastlabki kelishuvga erishilgan.
Umuman, oldimizda yana bir qator dolzarb vazifalar turibdi. Ularni muvaffaqiyatli ro’yobga chiqarishga jamoamizning bilimi ham, salohiyati ham etarli.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.