Qashqadaryo viloyat bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazi
Bizning manzil
Qarshi sh, Otchopar MFY
Ishonch telefoni
+998 (91) 536 - 75 - 46
Email manzil
support@qvbkttm.uz
Ish vaqti
Du - Juma: 8:00 - 18:00

Bolalar ortopediya markazida qanday noyob operasiyalar o’tkazilmoqda?

Respublika bolalar ortopediya markazi yurtimizda ushbu sohaga ixtisoslashgan etakchi tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda bu erda qo’llanilayotgan innovasion muolaja usullari kichik yoshli bemorlarning tayanch-harakat tizimidagi murakkab kasalliklarni tez va samarali davolash imkonini berayotir.

— Markazimiz maslahat-diagnostika poliklinika, radiologiya, klinik laboratoriya, anesteziologiya-reanimasiya, operasion blok va 5 ta klinik bo’limni o’z ichiga olib, yil sayin zamonaviy murakkab operasiyalar soni ortib bormoqda, — deydi muassasa direktori Akbar Tilyakov. — Xususan, shu yilning o’tgan davrida bemorlarda 667 ta operativ muolaja o’tkazilib, shulardan 270 tasini yuqori texnologik amaliyotlar tashkil etadi.

Jumladan, umurtqa pog’onasi tug’ma skolioz kasalligida o’suvchi dinamik metall konstruktsiyalar qo’llash, nomukammal osteogenez xastaligida oyoq deformasiyalarini operativ davolash, tug’ma va orttirilgan soxta bo’g’imlarda suyak transplantati yordamida uning butunligini tiklash hamda ko’krak qafasi girdobsimon deformasiyasini bartaraf etishda Donald nass usuli kabi muolajalar shular jumlasidan.

Ana shunday murakkab amaliyotlardan biri andijonlik 2 yoshli bolakayda o’tkazilib, dastlab uning son suyaklarida murakkab Sofield operasiyasi bajarildi va teleskopik, o’suvchi shtift bilan fiksasiya qilindi.

Ushbu operasiyaning noyobligi, bola ulg’ayishi bilan unga qo’yilgan shtift ham birga o’sib boradi va suyak mustahkamligini ta’minlaydi. Hozir bemorning oyoq o’qlari to’g’irlanib, reabilitasiya kurslarini davom ettirmoqda.

Bugungi kunda muassasada xorijlik shifokorlar bilan hamkorlikda ham ko’plab murakkab jarrohlik operasiyalari o’tkazilyapti.

Jumladan, 2025 yilning o’tgan davrida akademik yu.E. Veltitshev nomidagi Rossiya pediatriya va xirurgiya ilmiy tekshirish klinik instituti professori Sergey Ryabix hamda g.I. Turner nomidagi bolalar travmatologiyasi va ortopediyasi milliy tibbiy tekshirish markazi direktori, professor Sergey VissarionoV bilan birgalikda 16 nafar bemor bolada tug’ma va orttirilgan skolioz kasalligini operativ davolash amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

Shuningdek, ixtisoslashgan tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida hududlardagi viloyat ko’p tarmoqli bolalar shifoxonalarida markaz xodimlari tomonidan qator operasiyalar amalga oshirilyapti.

Jumladan, Qoraqalpoq tibbiyot instituti klinikasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi bolalar ko’p tarmoqli tibbiyot markazida chanoq-son bo’g’imlarida 10 ta rekonstruktiv tiklash amaliyoti bajarilib, 300 nafardan ortiq bola tibbiy ko’rikdan o’tkazildi. Shuningdek, Xorazm va Farg’ona viloyatlarida ko’krak qafasi girdobsimon deformasiyasini Donald nass usulida davolash tatbiq etildi.

Markazning maslahat-diagnostika poliklinikasiga yiliga o’rtacha 25 ming nafar bemor murojaat qilib, bo’limda ko’p tarmoqli elektroneyromiograf, rentgenografiya, MSKT, UTT, podometr va qonning tahliliy uskunalari orqali kasalliklarga tez va aniq tashxis qo’yilmoqda.

Muassasada tibbiy turizmni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Jumladan, shu yil boshidan buyon markazga 77 nafar xorij fuqarolari murojaat qilib, ularga sifatli tibbiy xizmat ko’rsatildi.

Bugungi kunga kelib, markaz hududida 5 qavatli yangi bino qurilishi yakunlandi va inshoot maslahat-diagnostika, travmatologiya, suyak tizimida kam uchraydigan xastaliklar va orfan guruhiga kiruvchi kasalliklar, jonlantirish hamda qabul bo’limlari, shuningdek, 6 ta zamonaviy jarrohlik xonalarini o’z ichiga oladi. Ayni damda ushbu bino zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.