Bolalar xirurgiyasi: 18 yoshgacha bo’lgan 4000 nafar o’g’il-qiz skrining bilan qamrab olinadi
— Viloyat, tuman (shahar)larda 4000 nafar 18 yoshgacha bo’lgan o’g’il-qiz skrining bilan qamrab olinib, jarrohlik patologiyasini bemorlarda erta bosqichda aniqlash ko’rsatkichi oshiriladi, — deydi Respublika bolalar kam invaziv va endoskopik xirurgiya ilmiy-amaliy markazi direktori Bobir Abdusamatov.
— Muassasamizning 13 nafar yuqori malakali mutaxassisi yil davomida doimiy ravishda hududlarga safarbar qilinadi.
Markazning o’zida 6 ta diagnostika va 8 ta davolash usuli amaliyotga kiritiladi. Buning natijasida bemorlarning ortiqcha vaqt va mablag’sarflab xorijga, poytaxtimiz va viloyatlar markazlariga qatnovi kamayadi.
Shuningdek, viloyat va tuman muassasalaridan 19, markazdan 4 nafar shifokor chet elda malaka oshiradi.
Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan 6 ta yo’nalishda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. 2 nafar xirurg doktorlik va nomzodlik dissertasiyasini himoya qiladi.
Jumladan, bolalarda anorektal malformasiyalar, qizilo’ngach kuyishdan keyingi stenozida rekonstruktiv jarrohlik amaliyotlari, jigar va o’t yo’llari tug’ma hamda orttirilgan patologiyalarida jarrohlik amaliyotlari va kam invaziv usullarni o’zlashtirishni maqsad qilganmiz.
Germaniya, Rossiya va Belarus davlatlaridan bolalar xirurgiyasi yo’nalishida faoliyat olib boruvchi etuk mutaxassislar tomonidan viloyat ko’p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari hamda muassasamizda qo’shma jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslari o’tkaziladi.
Tibbiy turizmni rivojlantirish, mamlakatimizda bolalar xirurgiyasi xizmatining mavqei va nufuzini oshirish ham e’tibor markazimizda. Shundan kelib chiqqan holda, muassasamiz va hududlarga jalb etiladigan chet ellik bemorlar soni 2 marta ko’paytiriladi.
Shuningdek, raqamli va innovasion texnologiyalar, teletibbiyot amaliyotga keng tatbiq etiladi.
Ishonchimiz komilki, bunday maqsad va vazifalar ijrosi orqali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish, jondan aziz bolajonlarimiz salomatlik ko’rsatkichlarini yanada yaxshilashga erishamiz.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.