IT texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirish
Bugun tibbiyot tizimidagi islohotlar rivojini raqamlashtirishsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bu borada navbatdagi yutuqqa erishildi.
Markaz bo‘limlariga pullik xizmat mablag‘lari hisobidan xarid qilingan jami 70 ta kompyuter jamlanmasi va printer topshirildi. Bu bilan shifo maskanidagi kompyuterlar soni 120 taga yetkazildi. Yaratilgan bu imkoniyatlar tibbiy xizmat sifatini oshirishda, tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun qulayliklar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kompyuterlarni topshirish marosimida doimiy izlanish, IT texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirish, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ishlash bo‘yicha zarur malakalarga ega bo‘lish, til o‘rganish xodimlar oldida turgan eng muhim vazifalar ekanligi alohida ta’kidlandi. Bu borada zarur barcha sharoitlar yaratilishi, xususan, shifo maskanining o‘zida bepul ingliz va nemis tilini o‘rgatish kurslari tashkil etilishi ma’lum qilindi.