Qashqadaryo viloyat bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazi
Bizning manzil
Qarshi sh, Otchopar MFY
Ishonch telefoni
+998 (91) 536 - 75 - 46
Email manzil
support@qvbkttm.uz
Ish vaqti
Du - Juma: 8:00 - 18:00

Ona va bola salomatligi markazi: xalqaro akkreditasiyadan o’tgan filiallar soni ko’paymoqda

Yurtimizda tibbiyotning onalar va bolalar salomatligini asrash yo’nalishi mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida isloh qilinmoqda. Bu yangilanishlar dunyo miqyosida olib borilayotgan global harakatlarga butunlay mos keladi.

Jumladan, JSST joriy yil nishonlangan Butunjahon salomatlik kunida ona va yangi tug’ilgan chaqaloqlar salomatligi masalalari bo’yicha bir yillik targ’ibot kampaniyasiga start berdi. Bunda «hayotni sog’lom tarzda boshlash — farovon kelajak garovi» shiori ostida onalar va bolalar salomatligini asrash, xususan, homilador ayollar va chaqaloqlar o’limiga barham berishga alohida urg’u beriladi.

Shuningdek, JSST xotin-qizlarni tug’uruqdan oldin, ko’zi yorishi paytida va undan keyingi davrda tibbiy va ijtimoiy qo’llab-quvvatlash muhimligiga urg’u bermoqda. Mamlakatimizda esa bu masalalar allaqachon doimiy e’tiborda.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ayni shu maqsadda tashkil qilinib, soha bo’yicha yagona vertikal boshqaruv tizimi joriy etildi. Bu bilan tug’ish yoshidagi ayollarga sifatli va tizimli tibbiy xizmat ko’rsatish, dunyoga keladigan o’g’il-qizlar salomatligini nazorat qilishning yaxlit mexanizmi yaratildi.

Muassasa faoliyati haqida uning direktori Natalya Nadirxanova to’liq ma’lumot berdi:

— Ona va bola salomatligini asrash davlatimiz rahbarining doimiy e’tiboridagi masaladir. Jumladan, Prezidentimiz tibbiyot markazlarida zamonaviy boshqaruvni yo’lga qo’yish topshirig’ini bergandi.

Shundan kelib chiqqan holda, muassasamizda Rossiyaning akademik V.I.Kulakov nomidagi akusherlik, ginekologiya va Perinatalogiya milliy tibbiyot tadqiqot markazi mutaxassislari ko’magida simulyasiya texnologiyalaridan foydalangan holda ilmiy-amaliy o’quv seminarlari o’tkazildi. Unda barcha hududiy filiallar va mintaqaviy tug’uruq majmualari xodimlari o’qitildi.

Bundan tashqari, markaz vakillari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda byudjet tashkilotlari moliya-hisob bo’linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o’quv markazida o’z bilim va ko’nikmalarini boyitgani ham zamonaviy menejmentni yo’lga qo’yishda qo’l keldi.

Asosiysi, markazimiz xodimlari ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni tuman darajasiga tushirish maqsadida bu yil har bir hududdan 2 tadan (jami 28 ta) tumanni namunaviy va ilg’or qilishga bel bog’lagan. Buning uchun mutaxassislarimiz tumanlarga safarbar qilingan.

Maqsadimiz hududlarda yuqori texnologiyali amaliyotlarni tatbiq etish, diagnostika va davolash sifatini oshirish, skrining tadbirlarini tizimli olib borishdan iborat. Har bir hududda vakillarimiz tomonidan o’tkazilayotgan mahorat darslari, trening va seminarlar orqali mahalliy kadrlar salohiyatini oshirishga erishyapmiz.

Jumladan, hududlardagi mutaxassislar akusherlikda infuzion terapiya zamonaviy texnologiyalari, bachadon bo’yni kasalliklarini tashxislash va davolash, fetal jarrohlik amaliyotlari, kam invaziv Laparoskopik usullarni qo’llash bo’yicha ish joyining o’zida malakasi oshirdi.

Natijada joriy yilning birinchi choragida namunaviy tumanlarda 6 ta yangi diagnostika va 7 ta zamonaviy davolash usuli amaliyotga tatbiq qilindi. Bu esa, bemorlarning ixtisoslashtirilgan markazga yo’naltirilishi ancha kamayishiga xizmat qilmoqda.

Markaz jarrohlari mahalliy shifokorlar bilan birgalikda tumanlarda yuqori texnologik va kam invaziv jarrohlik amaliyotlarini o’tkazmoqda.

*  *  *
Eslatib o’tamiz: Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditasiyadan o’tgan O’zbekistondagi ilk davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Uning direktori esa «Markaziy Osiyoda eng yaxshi tibbiy tashkilot rahbari» sifatida e’tirof etilgan.

Shuningdek, Xorazm, Andijon, Farg’ona viloyatlari filiallari ham Sog’liqni saqlash sohasida sifat bo’yicha akkreditasiya markazi (ACQH)ning xalqaro standartlarga muvofiqlik sertifikatini qo’lga kiritgan. Joriy yilda ular safiga yana bir qator filiallar qo’shilishi kutilmoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.