Qashqadaryo viloyat bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazi
Bizning manzil
Qarshi sh, Otchopar MFY
Ishonch telefoni
+998 (91) 536 - 75 - 46
Email manzil
support@qvbkttm.uz
Ish vaqti
Du - Juma: 8:00 - 18:00

SSV: hududlarda 3000 nafardan ziyod bola ko’rikdan o’tkazilib, 218 nafarida murakkab operasiyalar bajarildi

O’zbekiston sog’liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirishga katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.

Zero, bu bilan hududlardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularda ilg’or tashxislash va davolash usullarini yo’lga qo’yish, pirovardida esa odamlarning roziligiga erishish maqsad qilingan.

Shu jarayonda ixtisoslashtirilgan markazlar, xususan, bolalar milliy tibbiyot markazining salmoqli o’rni bor.

Gap shundaki, bugungi kunda markazning o’zida o’zlashtirilayotgan yangi davolash va tashxislash usullari, ko’plab murakkab jarrohlik amaliyotlari joylarda ham tez sur’atlarda yo’lga qo’yilmoqda.

— Mamlakatimizning barcha hududlarida tibbiyot salohiyatini ko’tarish asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi, — deydi muassasa direktori Baxtiyorjon Umarov. — Shundan kelib chiqib, markaz tomonidan viloyatlarda ko’riklarni manzilli o’tkazish va mutaxassislarning malakasini oshirish hamda innovasion yondashuvlarni joriy etishga katta e’tibor qaratilayotir.

Shu yilning to’rt oyi davomida mutaxassislarimizning Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarga 30 ta tashrifi uyushtirildi. Natijada esa 112 nafar yuqori malakali shifokorlarimiz tomonidan 18 yoshgacha bo’lgan 3034 nafar bolalar tibbiy ko’riklardan o’tkazildi.

Ana shu jarayonda 218 nafar bemor bolalarda turli operasiyalar qilingani, shundan 113 tasi yuqori texnologik amaliyot ekanini aytish zarur. Negaki, bu – joylardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik imkoniyati yuksalayotgani va malakali kadrlar zahirasi shakllanayotganini anglatadi.

Bu operasiyalarning 14 tasi murakkabligidan tashqari, o’z yo’nalishida ilk bor o’tkazilganligi ham fikrimiz to’g’riligini ko’rsatadi. 

Masalan, Qashqadaryo viloyatida oshqozonosti bezi va o’ng o’pka kistasini olib tashlash amaliyotlari o’zlashtirildi. Chirchiq shahrida intravitreal vaskulogenez ingibitori in’ektsiyasi bo’yicha yuqori texnologik muolaja yo’lga qo’yildi. Andijon viloyatida birinchi marotaba bronxosindaktiliyada korrektsiya o’tkazildi.

Shu davrda Farg’ona, Namangan,Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi ko’p tarmoqli tibbiyot markazlarida mutaxassislarimiz ko’magida bir qator yangi davolash usullari tatbiq etilganini ham eslatish o’rinlidir. Misol tariqasida hazm qilish yo’llari tug’ma nuqsoni va Girshprung kasalligi rektosigmoidal turi, bitishmalar va ileostomani bartaraf etish usullarini keltirish mumkin.

Mahalliy shifokorlar bilim va malakasini oshirish ham e’tiborimiz markazida. Shu maqsadda joriy yilning to’rt oyida 56 ta o’quv mashg’uloti va 8 ta seminar o’tkazdik. Ularga 300 nafardan ziyod xodimlar jalb qilindi.

Buxoro viloyati bolalar ko’p tarmoqli tibbiyot markazida esa 20 nafar mutaxassisga gipospadiya kasalligini davolashning zamonaviy usuli bo’yicha mahorat darsi uyushtirildi. Toshkent viloyatida mahalliy mutaxassislar hamkorligida surunkali kamqonlik kasalligi skriningi va davo muolajasi bo’yicha 240 nafar bemor konsultasiyadan o’tkazildi.

Markazimizda teletibbiyot tizimi yo’lga qo’yilib, qisqa vaqt ichida 500 nafarga yaqin bemorlar onlayn maslahat olganini ham yutuq sifatida keltirish mumkin. Bu orqali biz joylardagi bemorlarni tezkor davolash va masofadan tashxislash imkoniga ega bo’ldik.

Umuman, hududlarda tibbiyotni xalqaro andozalar darajasiga ko’tarish biz uchun bundan keyin ham ustuvor maqsad bo’lib qolaveradi. Nega deganda, shundagina xalqimiz biz, tibbiyot xodimlaridan rozi bo’ladi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.