Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan Yangi yil bayrami bemor bolajonlarga o‘zgacha zavq ulashdi.
Qorbobo va Qorqiz tashrifi, teatrlashtirilgan Yangi yil tomoshalari bolalar va ularning yaqinlarini behad quvontirdi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari G‘anisher Umirzoqov va markaz rahbari To‘lqin Rasulov bolajonlarga bayram sovg‘alarini topshirishdi.
Qayd etish zarurki, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyatida yakunlanayotgan 2023 yil yutuqlarga boy bo‘ldi. 475 o‘rinli, 18 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur markazda shu yilda bolalar kardioxirurgiyasi bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bu yo‘nalishda 50 dan ortiq jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Shuningdek, bajarilgan lazerli endourologik operatsiyalar va boshqa yo‘nalishdagi yuqori texnologiyali amaliyotlar aholining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilmoqda. Bir qator qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, xususan, bunyod etilgan zamonaviy kutish zali bemorlarning yaqinlari uchun katta qulaylik yaratdi.